
O‘zbekistonda «Eko nom» va «Novator» suv hisoblagichlarining amal qilish muddati tugagani sababli ulardan foydalanish taqiqlandi. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Novator LK» hisoblagichlari 2018-yilda GOST 6019-83 standarti asosida sinovdan o‘tgan va davlat reyestriga kiritilgan. Biroq ushbu hisoblagichga berilgan sertifikat muddati 2023-yilning 30-avgustida tugagan.
«Eko nom» turidagi hisoblagichlar esa 2016-yil 30-iyunda ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning amal qilish muddati 2020-yil 10-iyulda («Eko nom SV» turi uchun 2024-yil 29-noyabrda) yakunlangan.
Hozirda bu turdagi hisoblagichlar milliy standart talablari bo‘yicha sinovdan o‘tmagan. Shu sababli ulardan foydalanish ruxsat etilmaydi. O‘zbekiston hududida foydalanishga ruxsat etilgan suv hisoblagichlari ro‘yxatini nim.uz saytida ko‘rish mumkin.
Avvalroq Veolia Energy Tashkent issiq suv rangining vaqtincha o‘zgarishi bo‘yicha issiqlik tarmoqlari va tugunlarining holatini tekshirayotganini ma’lum qilgandi. Bunda issiq suv sifati tashqi tarmoqdagi nosozliklar sababli o‘zgargani aniqlansa, belgilangan tartibga muvofiq to‘lovlar qayta hisoblab chiqiladi.