
Pixar studiyasi «O‘yinchoqlar tarixi 5» animatsion filmi uchun birinchi tizer-treylerni e’lon qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.
Multfilm 2026-yil 19-iyun kuni katta ekranlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Treylerda tomoshabinlarga yangi qahramon – Lilipad nomli planshet tanishtirildi. Qurbaqa shaklidagi bu interaktiv gadjetga «Oldingi hayot» va «Ertalabki shou» filmlarida rollar ijro etgan aktrisa Greta Li ovoz bergan.
Syujetga ko‘ra, Lilipad Bazz, Vudi, Jessi va boshqa o‘yinchoqlarning hayotida yangi sinov va xavf manbai bo‘ladi. Yangi planshetning paydo bo‘lishi ularning odatiy o‘yin vaqtini murakkablashtiradi. Endi o‘yinchoqlar bolalar e’tiborini bo‘lishishni va yangi texnologik do‘st bilan yashashni o‘rganishlari kerak bo‘ladi.
Filmda mashhur aktyorlar – Tom Hanks, Tim Allen va Joan K’yusak o‘z rollariga qaytgan. Shuningdek, loyihaga taniqli teleboshlovchi Konan O’Brayen ham qo‘shilgan, U bolalarni hojatxonaga o‘rgatishga mo‘ljallangan «Aqlli o‘yinchoq» nomli yangi texnik qurilmaga ovoz bergan.
Ma’lumot uchun, «O‘yinchoqlar tarixi 5» multfilmining rejissyorlari – Oskar sovrindori Endryu Stenton va Kenna Xarris.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Uzuklar hukmdori» asosidagi yangi film 17-dekabrda namoyish qilinishi haqida yozgandi.
