Pokiston poytaxtidagi portlash oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi

Pokiston poytaxti Islomobodda Tahriki Tolibon Pokiston guruhi a’zosining o‘zini portlatishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi va 30 ga yaqin kishilar jarohatlandi. Portlash shahardagi sud majmuasining avtoto‘xtash joyida yuz berdi, deya xabar bermoqda CNN.
Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvining aytishicha, hujumchi avval sud binosiga kirishga uringan, lekin kirolmagach, politsiya mashinasini nishonga olgan. Portlash bo‘yicha aybni Tahriki Tolibon Pokiston guruhi o‘z zimmasiga oldi. Ular Pokistonning islomiy bo‘lmagan qonunlari asosida hukm chiqargan sudyalar va amaldorlarni nishonga olganini bildirgan.
Mudofaa vaziri Xavoja Asif mamlakatda terror xurujlar keskin ko‘paygani bois Pokiston urush holatida ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bu hujum Afg‘oniston chegarasidan tashqariga chiqqan xavfning Islomobodga kirib kelganining isbotidir.

Pokiston hukumati Afg‘oniston Tolibonini TTP jangarilariga panoh va qurol berishda ayblamoqda. So‘nggi vaqtlarda ikki davlat chegarasida otishmalar tez-tez yuz bermoqda, biroq olib borilayotgan muzokaralar hozircha natijasiz qolmoqda.
Hujum ko‘plab rasmiylar, jumladan, Afg‘oniston, Xitoy va AQSh elchixonalari tomonidan qattiq qoralandi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterres jabrlanganlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi va holat yuzasidan qat’iy tergov olib borilishini talab qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrining zich aholi yashaydigan tumanida Qizil qal’a yaqinida portlash yuz bergan edi.