Gadjetlar

Samsung Galaxy S26 liniyasi eng yupqa flagman bo‘lishi kutilmoqda

Sotuvlar 2026-yil fevral boshida boshlanishi kutilmoqda
Samsung
Foto: Android Police

2026-yilda taqdim etilishi kutilayotgan Samsung Galaxy S26 flagmanlar seriyasi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Galaxy S26, Galaxy S26 Plus va Galaxy S26 Ultra modellarining taxminiy o‘lchamlari e’lon qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi avlod flagmanlarining ikkitasi avvalgilarga qaraganda ancha yupqa bo‘ladi.

Samsung hali rasmiy taqdimot sanasini oshkor qilmagan, biroq sotuvlar 2026-yil fevral boshida boshlanishi kutilmoqda. Kompaniya bu safar smartfon dizaynini qayta ko‘rib chiqib, yupqa konsepsiyasiga ustuvor ahamiyat bergan.

Foto: Android Headline

Galaxy S26

  • Ekran: 6,3 dyuym;
  • O‘lchamlar: 149,4 × 71,5 × 6,9 mm.

Taqqoslash uchun: Galaxy S25 modeli 6,2 dyuymli ekran va 7,2 mm qalinlikka ega edi. Demak, yangi S26 biroz kattaroq ekran bilan birga yanada yupqa korpusga ega bo‘ladi.

Galaxy S26 Plus

  • Ekran: 6,7 dyuym;
  • O‘lchamlar: 158,4 × 75,8 × 7,3 mm.

Bu model avvalgi Galaxy S25 Plus bilan deyarli bir xil. Samsung dastlab Galaxy S26 Edge modelini ishlab chiqmoqchi bo‘lgan, biroq Galaxy S25 Edge’ning past savdo ko‘rsatkichlari tufayli rejani o‘zgartirgan va tanish shakldagi S26 Plus versiyasini taqdim etishga qaror qilgan. Taxminlarga ko‘ra, kompaniya vaqtni tejash uchun avvalgi korpusdan foydalanmoqda.

Foto: Android Headline

Galaxy S26 Ultra

  • Ekran: 6,9 dyuym;
  • O‘lchamlar: 163,6 × 78,1 × 7,9 mm.

Oldingi Galaxy S25 Ultra 8,2 mm qalinlikka ega edi. Ya’ni yangi Ultra versiya yanada ingichka, biroz uzunroq va kengroq bo‘ladi. Ekran diagonali esa o‘zgarmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 narxi oshishi kutilayotgani haqida yozgan edi.