
O‘zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabi sobiq a’zosi Timur Kapadze Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlangach, jamoani tark etish qarorini qabul qilganini ma’lum qildi.
Kapadzening so‘zlariga ko‘ra, yangi murabbiy jamoaga kelganidan so‘ng jamoada noqulaylik bo‘lishini xohlamagan.
«Albatta, jahon chempionati oldidan bu oson qaror emasdi. Lekin o‘ylab ko‘rdim, yangi murabbiy kelgan. Men esa shu jamoaning sobiq murabbiyi sifatida qandaydir noqulaylik tug‘ilishining oldini olishni istadim», – dedi Kapadze.
Uning ta’kidlashicha, bu qaror professional rivojlanish uchun yangi bosqichni anglatadi.
«Men o‘zim bosh murabbiy bo‘lishni xohlayman. O‘z qarashlarim, g‘oyalarim bor. Shu sababli yangi jamoa bilan yangi maqsadlarga intilish niyatidaman. Terma jamoa bizning yuragimizda. Har doim unga omad tilaymiz», – dedi u.
Sobiq bosh murabbiy xorijdan tushayotgan takliflar haqida ham to‘xtaldi. U Qozog‘iston terma jamoasidan taklif olgani haqidagi gaplarni rad etdi, biroq boshqa mamlakatlardan qiziqishlar borligini tan oldi.
«Qozog‘istondan hech qanday taklif yo‘q. Lekin boshqa yo‘nalishlarda Indoneziya, Xitoy bilan muhokamalar ketmoqda. Qaysi biri amalga oshishini vaqt ko‘rsatadi. Hozircha aniq bir qaror yo‘q, jarayon davom etmoqda».
Kapadze Indoneziya terma jamoasini boshqarish ehtimoli haqida ham fikr bildirdi va bu borada rasmiy taklif kutilayotganini ma’lum qildi.
«Agar Indoneziya futbol federatsiyasi rasmiy taklif bilan chiqsa, ko‘rib chiqishga tayyorman. Hozircha hech bir klub bilan shartnoma imzolamaganman, shuning uchun shartnomani ko‘rib chiqishga tayyorman», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Kapadze Indoneziya termasini boshqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.