
Toshkent xalqaro aeroportining kelish zalida E-Gate avtomatlashtirilgan pasport nazorati tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Yangi tizim O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan sakkizta elektron yo‘lakdan iborat. Bunda yo‘lovchilar biometrik pasportlarini skanerga qo‘yib, Face ID orqali shaxsini tasdiqlaydi. Jarayon atigi 15–20 soniya davom etadi.

E-Gate tizimi ilk bor 2023-yilda aeroportning jo‘nab ketish zalida o‘rnatilgandi. Endi poytaxt aeroportida bunday avtomatlashtirilgan yo‘laklar soni 20 taga yetdi.
Ta’kidlanishicha, yangi texnologiya pasport nazoratidan o‘tish vaqtini qisqartiradi, punktlarning o‘tkazuvchanligini oshiradi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi.
Avvalroq Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ishga tushgani xabar qilingandi. Zal fasadi 2200 kvadrat metrga kengaytirilib, kutib oluvchilar uchun hudud 5000 kvadrat metrga yetdi. Bu yerda qahvaxona, ichimliklar barlari, muzqaymoq va gul do‘konlari ochiladi.