Yangiliklar

Toshkentdagi to‘qqiz mingta liftning nosozligi haqidagi xabarlar asossiz — vazirlik

Toshkentdagi 1,8 mingta liftning xizmat muddati tugagan
Lift
Toshkentda to‘qqiz mingdan ortiq liftning nosozligi haqidagi xabarlar asossiz — vazirlik / Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentda to‘qqiz mingdan ortiq liftning nosozligi haqida tarqalayotgan xabarlar asossizligini bildirdi.

Unga ko‘ra, hozir Toshkent shahrida 3,2 mingta ko‘p kvartirali uydagi 9,1 mingta liftdan 1,8 mingtasining xizmat muddati tugagan. Ularni 2025–2028-yillar davomida bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilgan. Joriy yilda esa 452 ta liftni yangilash ishlari yakunlanadi.

Shu bilan birga, barcha liftlar har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Vazirlikka ko‘ra, bu jarayonda aniqlangan kamchiliklar lift nosoz degani emas — bu xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘tkaziladigan profilaktik tekshiruv.

Bundan tashqari, joriy yil 1-maydan boshlab «Xavfsiz lift» elektron platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali liftlarning holatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin.

Avvalroq Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi liftlarga yopishtirilayotgan QR-kodli yorliqlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi barcha liftlar ro‘yxatga olinib, ularning texnik holati bazasi shakllantirilgan. Aholi liftning ishlash holati haqida to‘liq xabardor bo‘lishi uchun kabinalarga QR-kodli yorliqlar qo‘mita xodimlari tomonidan yopishtirilmoqda.