
Toshkent shahrida 14–17-noyabr kunlari o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlar sabab ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, belgilangan kunlarda yuk avtomobillarining shaharga kirishi va shahar ichida harakatlanishi to‘xtatiladi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra,
- 15-noyabr kuni soat 14:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy – Ganga ko‘prigi kesishmasidan boshlab, Abdulla Qodiriy, Qorasaroy va Zarqaynar ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan yo‘l vaqtincha yopiladi. Haydovchilar Sebzor va Nurafshon ko‘chalari orqali aylanma tarzda harakatlanishlari mumkin.
- 15-noyabr kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy – Qorasaroy ko‘chalari chorrahasidan boshlab, Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab Nurafshon–Qorasaroy chorrahasigacha harakat vaqtincha cheklanadi. Aylanma yo‘l sifatida Qorasaroy ko‘chasidan Kichik halqa yo‘liga va Nurafshon ko‘chasidan Sebzor ko‘chasi yo‘nalishiga harakatlanish tavsiya etiladi.
- 16-noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov – Botir Zakirov ko‘chalari chorrahasidan boshlab, Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Furqat ko‘chasi chorrahasigacha vaqt-vaqti bilan qisman yopiladi. Haydovchilar Botir Zakirov – Alisher Navoiy hamda Olmazor – Beshyog‘och ko‘chalari orqali aylanma yo‘ldan foydalanishlari mumkin.
- 16-noyabr kuni soat 09:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov – Furqat chorrahasidan Furqat ko‘chasi bo‘ylab Xadra maydonigacha ikkinchi darajali yo‘l vaqtincha yopiladi. Aylanma yo‘l sifatida Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari orqali harakatlanish mumkin.
- Shuningdek, vodiydan vohaga va aksincha yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari aylanma yo‘llar orqali yo‘naltiriladi.
Avvalroq Toshkentda 400 ga yaqin avtomobillar reklama pasportisiz harakatlangani aniqlangandi. So‘nggi nazoratlarda 470 ta reklama bilan bezatilgan avtomobil tekshirildi. Shundan 390 tasida reklama pasporti yo‘qligi aniqlandi. Natijada qonun talablari buzilishi bo‘yicha choralar ko‘rildi.