
Adliya vazirligi tomonidan «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, mijozlar endilikda eskrou hisobvaraqlarini ochish imkoniga ega bo‘ldi. Bu turdagi hisobvaraqlar elektron savdo maydonlarida, ulushli shartnomalar va boshqa bitimlarda qo‘llaniladi.
Bank hisobvaraqlarini ochish uchun endi mijozlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotnomani my.gov.uz yoki «Ijtimoiy karta» ilovasi orqali elektron shaklda taqdim etishi mumkin.
Shuningdek, norezident jismoniy shaxslar ilgari shu bankda hisobvaraq ochgan bo‘lsa, yangi hisobvaraqni masofadan turib ham ochish huquqiga ega.
Endilikda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar nomiga ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan, 14–18 yoshdagilar esa mustaqil ravishda milliy yoki xorijiy valyutada depozit va metall hisobvaraqlar ochishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi Senatga yuborilgan edi.