
Boeing kompaniyasini 2019-yilda Efiopiyada sodir bo‘lgan 737 MAX samolyoti halokatida vafot etgan BMT xodimi Shikha Gargning oilasiga $35,85 mln kompensatsiya to‘laydi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Boeing vakili kompaniya halokatlarda yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chuqur ta’ziya izhor qilganini va ularning sud orqali da’vo qilish huquqini hurmat qilishini bildirgan.
Efiopiyadan Nayrobiga uchgan Ethiopian Airlines Flight 302 samolyoti uchishdan bir necha daqiqa o‘tib qulab tushgan. Sudda halokat samolyotning noto‘g‘ri loyihalashtirilgani va yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha ogohlantirish yetarli darajada berilmagani bilan bog‘liq ekani qayd etildi. Mazkur halokat 2018-yilda Indoneziyada sodir bo‘lgan Lion Air Flight 610 bilan bir xil bo‘lib, ikkala voqeada ham asosiy sabab avtopilot tizimining nosozligi bo‘lgan.
Boeing kompaniyasi ikki halokat bilan bog‘liq yuzlab fuqarolik da’volarining 90 foizidan ortig‘ini hal qilgan va sud orqali milliardlab dollar miqdorida kompensatsiya to‘ladi. Shuningdek, 5-noyabr kuni kompaniya Efiopiya halokatida vafot etgan boshqa qurbonlar oilalari tomonidan ochilgan uchta da’voni ham yakunladi.
Ma’lumot uchun, Chikagodagi federal sud Boeing kompaniyasiga 32 yoshli Shixa Gargning oilasiga $28 mln dan ortiq tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi. Suddan tashqari kelishuvga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i Soumya Bhattacharyaga qo‘shimcha $3,4 mln beriladi. Natijada Boeingning Garg oilasiga to‘laydigan umumiy kompensatsiya miqdori $35,8 mlnga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchragan edi.