Banklar va moliya

Endi 14–18 yoshdagi o‘smirlar ham o‘z nomiga bank kartasi ochishi mumkin

14 yoshgacha bo‘lganlar esa ota-onasining yozma roziligi asosida karta ochishi mumkin
Endi 14–18 yoshdagi o‘smirlar ham o‘z nomiga bank kartasi ochishi mumkin
Endi 14–18 yoshdagi o‘smirlar ham o‘z nomiga bank kartasi ochishi mumkin / Foto: depositphotos

Endi 14–18 yoshdagi o‘smirlar ham o‘z nomiga bank kartasi ochishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘zlari mustaqil ravishda tijorat banklarida bank kartasi ochish huquqiga ega bo‘ldi. 14 yoshgacha bo‘lganlar esa ota-onasining yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida karta ochishi mumkin.

Shuningdek, hujjatda bank kartalarining turlari belgilandi. Endilikda:

  • Biznes kartasi — yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z mablag‘larini boshqarish uchun;
  • Ijtimoiy kartasi — ijtimoiy to‘lovlar va boshqa tushumlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, oldindan emissiya qilinadigan shaxsiy kartalarni chiqarish va ularni mobil ilova orqali foydalanuvchini aniqlab, faollashtirish tartibi joriy etildi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv to‘lovlarini korporativ bank kartalari orqali to‘lash imkoniyati yaratildi.

Avvalroq Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov bank kartasini ochish va yopish haqida izoh bergandi. Unga ko‘ra, barcha banklarda masofadan turib bank kartasini ochishda hech qanday muammo yo‘q. Ularni yopishda esa faqatgina bank yoki uning filialiga borib ariza asosida yopish mumkin.

«Bu borada hozir men qandaydir aniq reja bor deb o‘ylamayman. Lekin masofadan turib bank kartalarini yopishda hech qanday muammo ko‘rmayapman. Bu tizimni jurnalistlar va mutaxassislar bilan chuqur o‘rganib chiqishimiz lozim», — dedi Markaziy bank rahbari.