
GWM kompaniyasi 12-noyabr kuni GWM Ora 5 elektromobili uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model besh xil komplektatsiyada taklif qilinadi.
Narxlar $15,4 mingdan boshlanadi. SUV 480 va 580 km CLTC masofani bosib o‘tadigan ikki xil batareya bilan jihozlanadi. Yuqori rusumlar tom qismidagi lidar orqali Coffee Pilot Ultra tizimiga ega.

Narxlar:
| Versiya nomi | Masofa (CLTC) | Narxi (USD) |
|---|---|---|
| 480 km Air | 480 km | $15,4 ming |
| 480 km Pro | 480 km | $16,8 ming |
| 580 km Max | 580 km | $18,2 ming |
| 480 km LiDAR | 480 km | $18,7 ming |
| 580 km LiDAR | 580 km | $20,1 ming |
Kuzov o‘lchamlari 4471×1833×1641 mm. G‘ildirak bazasi 2720 mmni tashkil etadi. Tashqi ko‘rinish Ora’ning retro uslubini davom ettiradi. Yuqori toifadagi versiyalar 27 ta sensor bilan jihozlanib, magistral va shahar NOA hamda avtoparkovka funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Avtomobilga 150 kW quvvatli elektromotor o‘rnatilgan.
Salon minimalistik uslubda ishlangan. Asboblar paneli 10,25 dyuym, markaziy sensorli ekran esa 15,6 dyuym. Uchinchi avlod Coffee OS tizimi DeepSeek sun’iy intellekti bilan ishlaydi. MediaTek ishlab chiqargan 4 nm chip boshqaruv tezligini oshiradi.

Salon pastki qismida mexanik tugmalar joylashgan. Markaziy konsolda telefon uchun tezkor simsiz quvvatlash paneli mavjud. 1,65 m² panoramali tom oynasi salonni yorug‘ qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker AQShda eng arzon avtomobillardan biri bo‘lgani haqida yozgan edi.