“Narkotiklarga qarshi kurash fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi

O‘zbekistonda «Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi» ko‘krak nishoni joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur nishon narkotik va narkojinoyatlarga qarshi kurashda faol ishtirok etgan, ayniqsa yoshlar orasidan chiqqan fidoyi fuqarolarga beriladi. Nomzodlar ro‘yxati har yili 1-mayga qadar prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligiga taqdim etiladi.
Ko‘krak nishoni, odatda, 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi. Bir fuqaro ushbu nishon bilan faqat bir marta mukofotlanadi. Ma’lumot uchun, nishon davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kelajak merosi» xalqaro mukofoti ta’sis etilgani haqida yozgan edik.