
Nyu-Yorkning yangi meri Zohran Mamdani yosh jurnalistga Bruklindagi «Toshkent» restoraniga borib, manti tatib ko‘rishni tavsiya qildi. Suhbat lavhasi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Videoda jurnalist Mamdanidan uchta eng sevimli taomini aytib berishini so‘raydi.
«Sen Hyderabadi Zaiqa’da bo‘lganmisan? U 28-ko‘chada joylashgan. U yerda taomlar juda mazali, ayniqsa, halim buyurtma qilishni tavsiya etaman. Yaqinda janubiy Bruklindagi «Toshkent» nomli oshxonada manti yegan edim, g‘oyat mazali, go‘shtga boy ekan. Albatta tatib ko‘rishga arziydi», — deya ta’kidladi shahar meri.
4-noyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Demokratik partiya vakili Zohran Mamdani g‘alaba qozondi. 34 yoshli siyosatchi o‘z raqiblari demokrat Endryu Kuomo va respublikachi Kyortis Slivani ortda qoldirdi.
Mamdani so‘nggi yuz yil ichida shaharning eng yosh meri sifatida tarixga kirdi. Shuningdek, u AQShning eng yirik metropolitenini boshqarayotgan ilk musulmon va Janubiy Osiyodan chiqqan birinchi shaxs bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mamdani g‘alabasi ortidan Isroil vaziri keskin bayonot bergani haqida xabar bergan edi.