
«Toshkent» Respublika fond birjasi ichki bozorda IPO o‘tkazishga texnik jihatdan tayyor, biroq undagi tizimlarini yangilash zarur. Bu haqda birja boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Fayzulla Tashov «O‘zbekiston va xalqaro aksiyadorlik kapital bozorlari 2025» konferensiyasi doirasida ma’lum qildi, deb xabar beradi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Muhokama davomida moderator «Yevropa-O‘zbekiston» iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) bosh kotibi Oybek Shayxov prezident qaroriga muvofiq 2026-yil oxirigacha O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarini birjada joylashtirishga tayyorgarlik qanday ketayotgani bilan qiziqdi.
Javob tariqasida Fayzulla Tashov hozirgi paytda fond birjasining mavjud tizimi ichki bozorda IPO o‘tkazishga texnik jihatdan tayyor ekanini ta’kidladi.
Infratuzilma modernizatsiyasi
Biroq Respublika fond birjasi rahbari maydonni yangilash zarurligini tan oldi, chunki so‘nggi yillarda bozorda ko‘plab o‘zgarishlar yuz bergan, infratuzilma esa, jumladan xorijiy investorlar kutgan darajaga mos bo‘lishi kerak.
«Birja allaqachon texnik imkoniyatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlagan. Koreya fond birjasi tomonidan taqdim etilgan tizim hali ham ishlamoqda, biroq kapital bozori sezilarli darajada o‘zgargan va yangi texnik yechimlar talab etilmoqda. Biz modernizatsiya jarayoniga qanday yondashish kerakligini 99,9 foiz tushunamiz», — dedi Tashov.
Fond bozori birjadan tashqari markaziy depozitariy, brokerlik platformalari, kliring va nazorat tizimlarini ham o‘z ichiga oladi.
«Bu barcha tizimlar ishlamoqda, biroq yangilanishga muhtoj. Biz bunga tashkiliy va moddiy jihatdan tayyormiz», — deya ta’kidladi u.
Xavflarni boshqarish va raqamlashtirish
Birja alohida e’tiborni investorlar xavflarini kamaytirish va korporativ boshqaruv shaffofligini oshirish masalalariga qaratmoqda.
«Biz allaqachon depozitariy va birja faoliyatiga oid asosiy xavf omillarining ro‘yxatini shakllantirdik va bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqdamiz», — dedi Tashov.
«Keyingi yil nafaqat fond birjasi, balki butun kapital bozorining infratuzilmasi — depozitariy va kliring tizimlari uchun ham inqilobiy bo‘ladi. Regulyator bilan hamkorlikda biz barcha asosiy yangilanishlarni yakunlash uchun keyingi yil oxirigacha qisqa muddat belgiladik», — deya yakunladi Tashov.
Avvalroq «Kursiv» nashri Nasdaq va Franklin Templeton O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishini qanday tezlashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.