Yangiliklar

O‘zbekistonda 1 trillion so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi rejalashtirilmoqda

«O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning sho‘ba korxonasi tomonidan
Ipoteka kreditlari
Foto: Forbes

«O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning sho‘ba korxonasi beshta bank tomonidan berilgan ipoteka kreditlari asosida 1 trillion so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini chiqaradi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik ipoteka obligatsiyalarini emissiya qilish va muomalaga chiqarish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim — «Tartibga solish qumdoni» doirasida vaqtinchalik nizomni tasdiqladi. Hujjat ipoteka majburiyatlarini sekyuritizatsiya qilish tartibini, ipoteka kreditlarini pul havzasiga (pul) kiritish uchun qo‘yiladigan talablarga oid qoidalarni, shuningdek, ipoteka obligatsiyalarining muomalasi va REPO bitimlarini amalga oshirish jarayonini belgilaydi.

Shuningdek, nizom sekyuritizatsiya bitimida ishtirok etuvchi tomonlar — «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ, uning maxsus vakolatli sho‘ba korxonasi UMRC SPV, bank-originatorlar, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi hamda ILMA o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini tartibga soladi.

Regulyator qumdoni doirasida UMRC SPV 1 trillion so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshiradi. Ushbu obligatsiyalar beshta bank tomonidan berilgan ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilish asosida ta’minlanadi.

Avvalroq «Kursiv» Armaniston kompaniyasi O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni» ishtirokchisiga aylangani haqida yozgandi.