Yangiliklar

Qozog‘iston parlamenti LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonunni qabul qildi

Hujjat Senatda ko‘rib chiqilib, prezident imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi
Foto: AzerNews

Qozog‘iston parlamenti mamlakatda LGBT mavzusidagi materiallarni ommaviy axborot vositalari, reklama va internetda tarqatishni cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Qonunda «noan’anaviy oriyentatsiya»ni targ‘ib qilishni taqiqlash rasman belgilangan. Unga ko‘ra, bunday mazmundagi materiallar kino, reklama, ta’lim tizimi hamda onlayn platformalarda joylashtirilishi taqiqlanadi.

Deputat Yelnur Beysenbayevning aytishicha, qonun LGBT hamjamiyatini emas, balki bu haqdagi ma’lumotlarning ommaviy tarqalishini cheklaydi.

Hujjat bola huquqlari, reklama, madaniyat, aloqa, ta’lim va OAVga oid bir qator qonunlarga o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutadi. Natijada mamlakatda LGBT mavzusiga oid filmlar, reklama mahsulotlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar noqonuniy hisoblanishi mumkin.

Hozircha ushbu cheklovlarni buzganlarga qanday javobgarlik choralari qo‘llanilishi ochiqlanmagan. Hujjat Senatda ko‘rib chiqilib, prezident Qosim-Jomart To‘qayev imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp transgender ayollarni erkaklar qamoqxonasiga joylashtirishni buyurgani haqida xabar bergan edi.