
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 14 – 16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar va ikkala davlat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidagi asosiy mavzular savdo va sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari hamda madaniy-gumanitar loyihalarda hamkorlikni chuqurlashtirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrif davomida xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va bir qator qo‘shma loyihalar ishga tushiriladi, O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan. Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident UNESCOning yangi bosh direktori bilan uchrashgani haqida yozgandi.