
Samsung kompaniyasi 5-dekabr kuni uch marta bukiladigan birinchi smartfonini namoyish etishi kutilmoqda. Yangi qurilma 6,5 dyuymli tashqi ekran va 10 dyuymli katta ichki displey bilan jihozlanadi.
Modelning ichki ekrani ikki bo‘g‘in orqali uch qismga buklanadi. Bu imkoniyat smartfonni ochilgan holatda planshet o‘rnini bosuvchi qurilmaga aylantiradi.
Eng e’tiborli jihati qurilmaning yupqaligidir. To‘liq ochilgan holatda qurilma 4,2 mm.ga teng bo‘ladi. Bunday o‘lcham uni aksariyat zamonaviy planshetlardan ham yupqa qiladi. Buklangan holatda esa 14 mm qalinlikka ega bo‘lib, oddiy smartfon himoya g‘ilofidagi shakliga yaqin.
Avtonom ishlash uchun 5600 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Bu Samsung bukiladigan smartfonlari orasida rekord ko‘rsatkich sanaladi.
Yangi model muvaffaqiyat qozonsa, Galaxy brendida smartfon va ixcham planshet imkoniyatlarini birlashtirgan tamomila yangi yo‘nalish shakllanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Samsung Galaxy S25 seriyasi sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.