Yangiliklar

Toshkent shahri va viloyatida atmosferaga zarar yetkazayotgan 106 xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi

Bundan tashqari, 58 issiqxona xo‘jaligiga ma’muriy jarima qo‘llanildi
Toshkent shahri va viloyatida atmosferaga zarar yetkazayotgan 106 xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi
Toshkent shahri va viloyatida atmosferaga zarar yetkazayotgan 106 xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi / Foto: Ekologiya vazirligi

Toshkent shahri va viloyatida ekologik talablarni buzgan 106 xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va viloyati hokimliklari mutaxassislari tomonidan 4,9 mingta obyekt o‘rganildi. Ularning 595 tasi issiqxona xo‘jaliklari, 2,3 mingtasi ijtimoiy soha obyekti, qariyb ikki mingtasi sanoat korxonalari bo‘ldi.

O‘rganish natijasida ayrim xo‘jaliklarda havoga zararli moddalar chiqarilgani aniqlanib, qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, 58 ta issiqxona xo‘jaligiga ma’muriy jarima qo‘llanildi, 387 ta obyekt esa ekologik talablarni bajarish yuzasidan rasmiy ogohlantirildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza etish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani xabar qilingandi. Unda tabiatni muhofaza qilish, atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha loyihalarni markazlashgan tarzda moliyalashtirish va amalga oshirish taklif etildi.