Tramp AQSh hukumatining eng uzun shatdaunini tugatdi

AQSh prezident Donald Tramp 43 kun davom etgan hukumat yopilishini yakunlovchi budjet qonunini imzoladi. Ushbu qaror Vakillar palatasi tomonidan 222–209 ovoz bilan ma’qullandi, deya xabar bermoqda Reuters.
Unga ko‘ra, qonun federal xodimlarning ishga qaytishini ta’minlaydi. Ular 13-noyabrdan boshlab ishga chaqiriladi, biroq davlat xizmatlarining to‘liq tiklanishi qanchalik tez amalga oshishi hozircha noma’lum. Moliyalashtirish 2026-yil 30-yanvargacha uzaytiriladi.

Shatdaun aviaqatnovlar va oziq-ovqat yordami kabi muhim xizmatlarga jiddiy ta’sir qildi. Shuning uchun ularning tiklanishi sayohat va iste’mol mavsumiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Shu bilan birga, asosiy statistik agentliklarning ma’lumotlari qayta taqdim etilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni baholash imkonini beradi.
Oq uy ba’zi hisobotlar — xususan, oktabr oyiga oid bandlik va Iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlari — e’lon qilinmasligi mumkinligini bildirdi. Ko‘plab iqtisodchilar shatdaun davrida iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir bo‘lganini, ammo yo‘qotilgan mahsulotning aksariyati keyingi oylar davomida tiklanishini taxmin qilmoqda.

Shuningdek, Senatda subsidiyalar bo‘yicha dekabr oyida qo‘shimcha muhokama olib borilishi belgilandi. ammo Vakillar palatasi spikeri bu borada aniq va’da bermadi. Shu bilan birga, qonun senatorlarning telefon ma’lumotlarini ruxsatsiz olishga yo‘l qo‘yilmaslikni, bu holatda zarar ko‘rgan shaxslar da’vo qilishi mumkinligini kafolatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda shatdaun sabab ko‘plab aviaparvozlar bekor bo‘lgani haqida yozgan edik.