Yangiliklar

Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi belgilandi

Ijodiy loyihalar har yili 5-fevralga qadar qabul qilinadi
Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi belgilandi / Foto: Greenville

«Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Nizom «Yangi O‘zbekiston manzaralari», «Buyuk allomalar» va «Zamon qahramonlari» kabi turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibini belgilaydi. Har yili ijodiy asarlarning mavzu va yo‘nalishlari 10-yanvarga qadar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

E’lon qilingan mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha ijodkorlarning loyiha takliflari har yili 5-fevralga qadar qabul qilinadi. Davlat buyurtmasi sifatida tasdiqlangan loyihalar mualliflari bilan ijodiy asarni yaratish bo‘yicha shartnoma tuziladi.

Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining veb-saytida ijodkorlar tomonidan taqdim etilgan barcha loyiha takliflari, ularni ko‘rib chiqish holati hamda qabul qilingan qarorlar ochiq e’lon qilinadi.

Yaratilgan ijodiy asarlar Islom tsivilizatsiyasi markazi hamda Badiiy ko‘rgazmalar direktsiyasi fondiga topshiriladi va ijodkorlarga mualliflik haqi to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kelajak merosi» xalqaro mukofoti ta’sis etilgani haqida yozgan edik.