Venesuelada harbiy safarbarlik e’lon qilindi

Venesuela AQShning Karib dengizidagi harbiy kuchlarini kuchaytirishiga javoban keng ko‘lamli harbiy safarbarlik e’lon qildi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopesning aytishicha, mashg‘ulotlarda quruqlik, havo, dengiz va zaxira kuchlari ishtirok etadi. Bu harakat prezident Nikolas Maduroning buyrug‘i bilan amalga oshirilmoqda.
AQSh yaqinda Karib mintaqasiga o‘zining eng yirik harbiy kemasi USS Gerald R. Ford aviatsiya tashuvchisini yubordi. Vashington bu kuchlarni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash maqsadida joylashtirganini bildirgan bo‘lsa-da, Karakas buni rejimni o‘zgartirishga urinish deb baholamoqda.

Maduro uning zaxirasida 8 mln askar borligini ma’lum qildi. Venesuelaning muntazam armiyasi bilan birga fuqarolardan tuzilgan Bolivarian militsiyasi ham qatnashadi. Mashg‘ulotlar Maduroning «Mustaqillik rejasi-200» doirasida o‘tkazilmoqda. Mutaxassislar esa mamlakatdagi 8 mlnlik zaxira kuchlari haqidagi da’volarni shubha ostiga olmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Venesuela o‘rtasidagi keskinlik kuchayganligi haqida xabar bergan edi.