Avto

Yangi Chevrolet Sonic avtomobili taqdim etildi

U Chevrolet Onix xetchbeki platformasida ishlab chiqilgan
Chevrolet Sonic avtomobili
Foto: Apple Chevrolet

General Motors (GM) Braziliya bo‘limi tomonidan 2027-yilgi Chevrolet Sonic avtomobili rasman e’lon qilindi.

Bu model kompaniyaning yangi boshlang‘ich darajadagi krossoveri. U Janubiy Amerikada eng ommabop bo‘lgan Chevrolet Onix xetchbeki platformasida ishlab chiqilgan. Model avvaliga Onix krossover deb atalishi kutilgan edi. U global Sonic nomini qayta tiklab, SUV Coupe sifatida taqdim etiladi.

Foto: GMAutority

GM Janubiy Amerika prezidenti Santyago Chamorro yangi modelni innovatsiya va zamonaviylikni ifoda etadigan yangi avlod avtomobili sifatida ta’riflagan. Uning aytishicha, Sonic kompaniya uchun hali o‘zlashtirilmagan segment.

GM Braziliya yangi model nomini video roliklar va ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibot orqali oshkor qilgan. Shuningdek, zavodda ishlab chiqarilayotgan prototip rasmlari va dizayn elementlari ham namoyish etildi.

Foto: GMAutority

Yangi Sonic Onix platformasiga asoslangan bo‘lsa-da, old va orqa qismlari to‘liq yangilangan. Model balandroq shakl, kuchli plastik qoplamali g‘ildirak yoylari, tom relslari va Chevrolet’ning yangi dizayn tiliga ega bo‘ladi.

Foto: GMAutority

2027 Chevrolet Sonic’ning global premyerasi Braziliyada kelasi yil boshida bo‘lib o‘tadi. Sotuvlar esa yilning ikkinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan. Avtomobil GM’ning Gravataí zavodida ishlab chiqariladi va Braziliya bilan birga boshqa Janubiy Amerika bozorlariga ham yetkazib beriladi. Shuningdek, u yangi flex-hybrid quvvat tizimi bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker AQShda eng arzon avtomobillardan biri bo‘lgani haqida yozgan edi.