
Xiaomi kompaniyasining yangilangan Xiaomi SU7 elektromobili 2026-yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda ITHome ma’lum qildi.
Hozircha modeldagi o‘zgarishlar haqida aniq ma’lumot berilmagan. Amaldagi SU7 2024-yil mart oyida sotuvga chiqqan. Bazaviy versiya bitta elektromotor bilan jihozlangan. U 100 km/soat tezlikka 5,28 soniyada chiqadi va CLTC sikli bo‘yicha 700 km masofani bosib o‘tadi. Modelda 73,6 kVt/soat sig‘imli LFP batareya bor. U 15 daqiqalik quvvatlashda 350 km zaxira yo‘l beradi. Elektromobil 19 dyuymli Michelin shinalari va Xiaomi Smart Drive Pro tizimi bilan ta’minlangan.
SU7 Pro versiyasi LiDAR va Smart Drive Max tizimi bilan farqlanadi. Eng qudratli SU7 Max esa ikki elektromotorga ega bo‘lib, 100 km/soat tezlikka 2,78 soniyada chiqadi. Uning maksimal tezligi 265 km/soat va zaxira masofasi CLTC bo‘yicha 800 km.
Modelda 101 kVt/soat sig‘imli Kirin batareyasi o‘rnatilgan bo‘lib, 15 daqiqada 510 km masofaga yetadigan quvvatni qabul qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 elektromobillari 6 haftada yetkazib berilishi haqida yozgan edi.