Gadjetlar

Sanoatda inqilob: Xitoy gumanoid robotlarni ommaviy tarzda korxonalarga yetkazdi

Ubitech Robotics kompaniyasi tomonidan
Foto: Humanoidsdaily

Xitoyning Shenzhen shahridagi Ubitech Robotics kompaniyasi sanoat uchun mo‘ljallangan yangi avlod odamsimon robotlarini ommaviy ishlab chiqarish bo‘yicha e’lon qilingan rejalarni qisqa muddatda amalga oshirdi. Bu haqda Humanoidsdaily nashri xabar berdi.

Kompaniya o‘z bayonotida dunyodagi birinchi ommaviy yetkazib berish amalga oshirilganini ma’lum qildi va yuzlab Walker S2 robotlari hamkor korxonalarga topshirilganini bildirdi.

Ushbu bosqich Ubitechning 2025-yil uchun mo‘ljallangan yirik buyurtmalar portfelining bajarilishidagi muhim qadam bo‘lib, kompaniya buyurtmalari qiymati 800 million yuandan (taxminan $113 million) oshgani qayd etilgan.

UBTECH Walker S2 - World’s First Mass Delivery of Humanoid Robots

Yangi robotlar avtomobil sanoati va logistika sohasining yetakchi kompaniyalariga – BYD, Geely Auto, FAW-Volkswagen, Dongfeng Liuzhou Motor va Foxconn korxonalariga yetkazilgan. Bu kompaniyalar Walker S2 robotlarini ishlab chiqarish liniyalari va logistika jarayonlariga joriy etadi. Robotlarning 24/7 ishlash qobiliyati ushbu sohalar uchun katta ustunlik sanaladi.

Walker S2 modeli ushbu murakkab sharoitlar uchun maxsus yaratilgan. U bozordagi yagona o‘z-o‘ziga akkumulyator almashtira oladigan gumanoid robot bo‘lib, energiya manbaini bir necha daqiqada mustaqil tarzda almashtirib, inson aralashuvisiz ishni davom ettira oladi. Bu xususiyat zavodlarda uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Ubitech Robotics mazkur bosqichni sanoat avtomatlashtirishida yangi davr boshlanishi deb baholab, gumanoid robotlar kelajak fabrikalarining ajralmas elementiga aylanishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Foxconn Nvidia serverlarini yig‘ishda gumanoid robotlardan foydalanishi haqida yozgandi.