Fransiya Pavel Durovga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashladi

Fransiya hukumati Telegram asoschisi Pavel Durovga qo‘yilgan sayohat cheklovlarini bekor qildi. Bu haqda Bloomberg ma’lum qildi.
Rossiyada tug‘ilgan 41 yoshli tadbirkor 2024-yilda Parijda hibsga olingan va messenjer ilovasidagi noqonuniy kontent bilan bog‘liq jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha rasmiy tergov ostida qolgan. Dastlab unga Fransiyani tark etishi taqiqlangan bo‘lsa-da, iyul oyida sud nazorati yumshatilgan va Telegram asoslangan BAAda maksimal ikki haftaga yashashga ruxsat berilgan edi. Hozir esa uning sayohat cheklovlari to‘liq olib tashlangan.
Ma’lumot uchun, Fransiya va Rossiya pasportlariga ega bo‘lgan Durov onlayn platforma orqali noqonuniy tranzaksiya va kontentlarni tarqatishda aloqador deb topilgan. 2024-yil dekabrida dastlabki so‘roq chog‘ida platformada jinoyatchilikning ortib borayotganini tan olgan va kontent nazoratini kuchaytirishga va’da bergan. Ammo u ayblovlarni rad etgan va hibsga olinishini «Fransiyaning erkin mamlakat sifatidagi imijiga zarar yetkazish» deb tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov yangi Cocoon loyihasini ishga tushirgani haqida xabar bergan edik.