
Migratsiya agentligi Germaniyaning NoVo Agency kompaniyasi bilan hamkorlikda Manxeym shahrida joylashgan o‘zbek restoraniga xodimlar tanlovini boshladi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Ishga qabul jarayoni oflayn suhbat orqali o‘tkaziladi va umumiy 50 ta bo‘sh ish o‘rni taqdim etiladi.
Tanlovda 20–30 yoshdagi, restoranda ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, kasbiy yoki oliy ma’lumotli nomzodlar qatnasha oladi. Shuningdek, nemis tilini kamida B2 darajasida, rus tilini esa yaxshi bilish talab etiladi. Nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shart.
Ish turi restoran xizmatiga oid bo‘lib, xodimlar mijozlarga xizmat ko‘rsatish, buyurtmalarni qabul qilish, taom va ichimliklarni ulash, stol tayyorlash, kassada ishlash hamda gigiyena qoidalariga rioya qilish kabi vazifalarni bajaradi. Ish haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soatdan smenali tartibda tashkil etiladi.
Xodimlarga 1500 yevro miqdorida maosh ajratiladi. Ish beruvchi tomonidan bepul ovqatlanish, bonuslar, aeroportdan turar joygacha transfer, tibbiy sug‘urta va transport xarajatlari qoplab beriladi.
Nomzodlar zimmasiga viza rasmiylashtirish, Germaniyaga parvoz hamda yashash xarajatlari yuklatiladi. Yashash haqi oyiga 350–400 yevroni tashkil qiladi. Mehnat shartnomasi tuzilgandan so‘ng, Migratsiya agentligi viza va aviabilet xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.
Ariza topshirish Xorijda ish platformasi orqali amalga oshiriladi. Batafsil ma’lumotni Migratsiya agentligining 71-202-33-55 yoki qisqa 1282 raqamlari orqali olish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan migrantlar uchun imtiyozli sugʻurta tariflari joriy etilishi haqida yozgandi.