
Google Messages foydalanuvchilari uzoq vaqt kutgan yangi imkoniyat mention orqali guruh suhbatida ishtirokchilarni belgilash funksiyasi tez orada ilovaga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda ilovaning beta-versiyasidan foydalanuvchi Reddit’da ilk suratlarni e’lon qildi.
Yangi funksiya yordamida guruh chatidagi xabar muhim ekanini urg‘ulash mumkin bo‘ladi. Matn maydonida «@» belgisi bosilganda, guruhdagi kontaktlar ro‘yxati chiqadi va ulardan birini tanlab, bevosita unga murojaat qilish mumkin.



Eng muhim jihati, @mention qilingan foydalanuvchi bildirishnomalarni o‘chirib qo‘ygan bo‘lsa ham ogohlantirish oladi. Shuningdek, tanlangan kontaktning ko‘rinadigan ismini tahrirlash imkoniyati bor.
Ayni paytda bu funksiya faqat ayrim beta-testerlarda paydo bo‘lgan. Ular Google Messages’ning 20251103_00_RC00 versiyasida @mention imkoniyatini sinab ko‘rmoqda. Biroq bu imkoniyat faqat RCS guruh chatlari uchun ishlashi qayd etilgan.
Android foydalanuvchilari orasida ushbu yangilik katta qiziqish bilan kutilgan, chunki WhatsApp, Telegram va Facebook Messenger kabi mashhur messenjerlarda @mention funksiyasi allaqachon mavjud. Google Messages’da ham shu imkoniyatning paydo bo‘lishi foydalanuvchilar uchun qulaylikni oshirishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Gemini chat-botiga yangi funksiya joriy etgani haqida yozgandi.