Italiyada «insonlar ovi» bo‘yicha tergov boshlandi

eʼlon qilindi
Turistlar Sarayevoda odam o‘ldirish uchun pul to‘lagani aytilmoqda
Foto: SI yordamida sayqallangan

Milan prokuraturasi 1990-yillarda Sarayevo qamali chog‘ida amalga oshirilgan deb taxmin qilinayotgan jinoyatlarda Italiya fuqarolarining ishtiroki bo‘yicha tergov boshladi, deb xabar bermoqda La Repubblica.

Mazkur ish jurnalist va yozuvchi Etsio Gavatseni olib borgan surishtiruv asosida ochildi. Unga ko‘ra, ayrim chet elliklar qamal ostidagi shaharning tinch aholisiga o‘q uzish uchun katta miqdorda pul to‘lagan bo‘lishi mumkin.

Gavatsenining so‘zlariga ko‘ra, bu ishga kamida 100 nafar odam jalb qilingan bo‘lishi mumkin, ishtirok narxi esa 100 ming yevrogacha yetgan. Aytilishicha, ayollar, erkaklar va bolalarni o‘ldirish uchun turlicha tariflar bo‘lgan.

Foto: repubblica.it

Materiallarda yozuvchi Eduard Limonovning urush paytida pulemyotdan Sarayevoga qarata o‘q uzayotgan videotasvirlari ham keltiriladi. Xalqaro tribunal tomonidan genotsid va harbiy jinoyatlarda ayblangan bosniyalik serblarning sobiq yetakchisi Radovan Karadjich Limonov bu «ov»da ishtirok etish uchun pul to‘lamaganini takidlagan.

BBC xabariga ko‘ra, o‘sha paytda Sarayevoda xizmat qilgan ba’zi britaniyalik harbiylar bu ishlar haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganini aytgan. Ularning fikricha, ko‘plab blokpostlar va qat’iy cheklovlar sabab bunday faoliyatni tashkil etish juda murakkab bo‘lgan bo‘lardi. Gavatsenini ushbu mavzuga 2022-yilda suratga olingan «Sarajevo Safari» hujjatli filmi undagan. Filmda ishtirokchilar dunyoning turli davlatlaridan kelgani aytiladi.

Sarayevoning qamali 1992-yildan 1996-yilgacha davom etgan. Bu vaqt ichida 10 mingdan ortiq kishi, jumladan 1,5 mingga yaqin bola halok bo‘lgan. Xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida doimiy o‘q yog‘ilishi, elektr ta’minotining uzilishi va oziq-ovqat tanqisligi tufayli aholi nihoyatda og‘ir sharoitda yashagani qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Italiyada G‘azo flotiliyasi uchun umumxalq ish tashlash namoyishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek