Lazizbek Mullajonov antidoping qoidalarini buzganligi uchun uch yilga diskvalifikatsiya qilindi

2024-yilgi Olimpiada chempioni, o‘zbekistonlik Lazizbek Mullajonov uch yilga musobaqalardan chetlatildi. Bokschida doping aniqlangan va u bu qoidabuzarlikni rad etmadi, deya ma’lum qildi Xalqaro doping-test agentligi.
Bokschining musbat doping namunasi joriy yilning 11-iyun kuni, musobaqadan tashqari davrda olingan. Unda metasteron — mushak massasining tez o‘sishi va kuchning oshishiga yordam beradigan taqiqlangan sintetik steroid aniqlangan.
«O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi qo‘yilgan sanksiyalarni Sport arbitraj sudi apellyatsiya bo‘limida shikoyat qilish huquqiga ega. Xalqaro doping-test agentligi bu ish bo‘yicha qo‘shimcha izoh bermaydi», — deyiladi press-relizda.
26 yoshli Lazizbek Mullajonov Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 92 kg vazn toifasida chempion bo‘lgan. Finalda u Ozarbayjon sharafini himoya qilgan, aslida kubalik bo‘lgan Lorena Alfonso ustidan g‘alaba qozongan. Bir yil avval esa Mullajonov JCh-2023da bronza medalini olgan.
Ma’lumot uchun, Parij Olimpiadasida O‘zbekistonning erkaklar boks bo‘yicha terma jamoasi jami yetti imkoniyatdan beshta oltin medal bilan norasmiy medallar reytingida birinchi o‘rinni egallagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilib, ikki yilga musobaqalardan chetlatilgan edi.