«Lukoyl» xorijdagi aktivlari bo‘yicha bir nechta xaridorlar bilan muzokara olib bormoqda

eʼlon qilindi
Yevropa kompaniyalari «Lukoyl» aktivlarini sotib olish huquqi uchun faol kurashmoqda
Foto: Lukoil.com

Rossiyaning yirik neft kompaniyasi «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha bir nechta potentsial xaridorlar bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lum qildi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, yakuniy kelishuvga erishilgach va tartibga soluvchi organlardan zarur ruxsatlar olingach, bitim bo‘yicha alohida e’lon qilinadi.

«Lukoyl» muzokaralar jarayonida xorijdagi korxonalar faoliyatini uzluksiz davom ettirish, energetika bilan ta’minotda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ish o‘rinlarini saqlashni asosiy vazifa sifatida belgilagan.

Kompaniyaga nisbatan AQSh 22-oktabr kuni sanksiyalar joriy qilgan va barcha operatsiyalarni to‘xtatish uchun bir oylik muddat bergan — u 21-noyabrda yakunlanadi. «Lukoyl»ning AQSh, Ruminiya, Avstriya, Bolgariya, Meksika, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda loyihalari mavjud.

Shu paytga qadar «Lukoyl» xorijiy aktivlarini Gunvor kompaniyasiga sotishni rejalashtirgan, biroq AQSh Moliya vazirligi bunga qarshi chiqdi. Rasmiylar Gunvorni Rossiya bilan aloqador deya baholab, Rossiya–Ukraina mojarosi davom etayotgan bir paytda kompaniyaga bunday ruxsat berilishi mumkin emasligini bildirdi.

Bloomberg ekspertlarining ta’kidlashicha, Yevropa kompaniyalari «Lukoyl» aktivlarini sotib olish huquqi uchun faol kurashmoqda. Xom neft bozorida yetarli zaxiralar bo‘lsa-da, neftni qayta ishlash sohasida vaziyat ancha keskin. Energy Aspects Ltd.ning geosiyosat bo‘yicha rahbari Richard Bronz rafinatsiya quvvatlariga bo‘lgan talab yuqoriligini qayd etgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, «Lukoyl» AQSh Moliya vazirligidan amaldagi majburiyatlarni bajarish va aktivlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun berilgan muddatni uzaytirishni so‘ragan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyida AQSh sanksiyalari tufayli «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek