MO davlatlari rahbarlari Toshkentda mintaqaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalar masalasida yig‘iladi

15 – 16-noyabr kunlari Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hamda BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze qatnashadi.
Sammitda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. Uchrashuv yakunida bir qator muhim ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq Mirziyoyev «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» maqolasida mintaqadagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va real natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlagandi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaning barqarorligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qilishlari kerak.