O‘zbekiston dastlabki to‘qqiz oyda qancha telefon eksport qildi

O‘zbekiston 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida besh davlatga jami 4 117 dona mobil telefon eksport qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb $1,3 millionni tashkil etadi.
Eng katta ulush Birlashgan Arab Amirliklariga to‘g‘ri kelgan — eksport qilingan telefonlarning qariyb uchdan ikki qismi ya’ni 2,9 ming donasi aynan shu davlatga yetkazilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning telefonlari Xitoy (618 dona), Afg‘oniston (397 dona), AQSh (144 dona) va Shvetsariya (42 dona) bozorlariga ham yetkazib berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 100 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi Android smartfonlari haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil yanvar – sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan jami 3,2 million dona mobil telefon keltirildi. Ta’kidlanishicha, ularning umumiy qiymati $370,8 millionni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 219,9 ming dona yoki 7,4 foizga ko‘p.
Import hajmi boʻyicha yetakchilikda hali ham Xitoy saqlanib qolmoqda. Mamlakatdan jami 2,5 mln dona telefon yetkazib berilgan. Shuningdek, Vyetnamdan 619,2 ming, BAAdan 65,3 ming, Hindistondan 31,8 ming va Koreyadan 4,9 ming dona telefon keltirilgan.