
Xitoyning yirik elektron tijorat platformasi «JD.com»da O‘zbekistonning milliy pavilyoni ochildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Yangi pavilyon o‘zbek mahsulotlarini Xitoy bozoriga qulay tarzda chiqarish, milliy brendlarning onlayn savdodagi ishtirokini kengaytirish va tadbirkorlarning xalqaro elektron savdoga kirishini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Pavilyon orqali o‘zbek ishlab chiqaruvchilari yagona darcha tamoyili asosida Xitoy bozoriga chiqadi. Unda to‘qimachilik buyumlari, kiyim-kechak, charm mahsulotlari, poyabzal, quritilgan mevalar, yong‘oq, asal, tabiiy ichimliklar, ziravorlar, kosmetika, uy-ro‘zg‘or buyumlari va hunarmandchilik mahsulotlari taqdim etiladi.
Xitoylik hamkorlarning aytishicha, ushbu platformada pavilyonning ishga tushishi o‘zbekistonlik kompaniyalarga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini oshirish va Xitoy bozorida milliy brendlar mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi.
Avvalroq Oʻzbekistonning tashqi savdo hajmi 2025-yilning yanvar – sentabr oylarida $59,8 milliardni tashkil etgani xabar qilingandi. Bunda Xitoy Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkori boʻlib qolmoqda – $11,4 mlrdlik koʻrsatkich bilan. Ikkinchi oʻrinda Rossiya ($9,4 mlrd), uchinchi oʻrinda esa Qozogʻiston ($3,5 mlrd) joylashgan. Shuningdek, beshlikdan Turkiya ($2,2 mlrd) va Janubiy Koreya ($1,3 mlrd) ham oʻrin oldi.