Yangiliklar

Moliya bozorida maoshlar 10 foizga, vakansiyalar 25 foizga oshdi

Moliya yo‘nalishida eng ko‘p rezyume Toshkentda joylashtirilgan
Moliyaviy hisob tizimi xalqaro standartlarga o‘tkaziladi
Foto: Mapquest

HeadHunter jamoasi 2025-yil yanvar–oktabr oylarida moliya va buxgalteriya yo‘nalishidagi mehnat bozori bo‘yicha keng qamrovli analitik hisobotni taqdim etdi. Kompaniya hisoboti Kursiv’da mavjud.

Tadqiqotda nomzodlar va ish beruvchilarning faolligi, ularning taklif va kutayotgan maosh dinamikasi, shuningdek, raqobat darajasi o‘rganildi. Ma’lumotlar moliyaviy soha bozorida barqaror faollik va o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

2025-yil boshidan moliya sohasida nomzodlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 foizga oshgan. Moliya mutaxassislarining medianna kutilayotgan oyligi esa 5,9 mln so‘mdan 6,5 mln so‘mga ko‘tarilib, 10,4 foiz o‘sish qayd etilgan.

Hisobotda shaharlar kesimidagi faollik ham yorqin ko‘rinadi. Moliya yo‘nalishida eng ko‘p rezyume Toshkentda joylashtirilgan bo‘lsa-da, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan, Nukus, Farg‘ona va Urganchda kuzatilgan.

Ish beruvchilar faolligi bundan ham yuqori tempda o‘sdi. 2025-yilning o‘tgan davrida moliya yo‘nalishida e’lon qilingan vakansiyalar soni 24,6 foizga oshgan. Ish beruvchilarning taklif qilayotgan medianna maoshi 6 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mga ko‘tarilgan — 12,8 foizlik o‘sish.

Vakansiyalar asosan Toshkentda joylashtirilgan bo‘lsa-da, Jizzax, Namangan, Andijon va Buxoro kabi hududlarda ham ish beruvchi faolligida keskin o‘sish qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda moliya sohasidagi raqobat indeksi 7,1 dan 6,1 ga tushgan. Bu har bir vakansiyaga o‘rtacha olti nafar nomzod to‘g‘ri kelishini anglatadi — ya’ni mehnat bozori mutanosib va barqaror. Ish beruvchilar uchun mos kadrlarni tezroq topish osonlashgan, mutaxassislar uchun esa bozor talabining barqarorligi saqlanib qolgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklarning aksariyati kuz faslini ish va karyera uchun muhim davr deb hisoblayotgani haqida yozgandi.