
Qamchiq va Darband dovonlaridan o‘tgan temir yo‘l uchun tezyurar poyezdlar Janubiy Koreyadan xarid qilinadi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
«Bizda vodiyni bog‘laydigan Qamchiq dovonidan o‘tadigan temir yo‘limiz bor. Surxondaryoni Qashqadaryo bilan bog‘laydigan Darband dovonlarida harakatlanadigan poyezdlarga yangi zamonaviy Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan, tog‘li hududda tez harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha prezident roziligi bildirildi», — deydi u.
Vazirga ko‘ra, Janubiy Koreyaning oltita tezkor Hyundai Rotem poyezdlari joriy yil dekabrdan boshlab keladi va 2026-yildan ular Buxoro—Miskin—Urganch—Nukus yo‘nalishida harakatlana boshlaydi.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi Zufar Narzullayev to‘g‘li hududlar uchun 2030-yilgacha yana sakkizta tezkor poyezd xarid qilinishini bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, 2026 – 2030-yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 151 km yangi temir yo‘l quriladi, 182 km yo‘l elektrlashtiriladi, 27 ta stansiya va 1 ming km yo‘l modernizatsiya qilinadi.
