Qo‘lbola tayyorlangan alkogol mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari savdosining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Xo‘jayli tumanida bir fuqaroning boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi to‘xtatilib, unda 588 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti, umumiy qiymati 20,6 mln so‘m topildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashirin sex tashkil qilgan fuqaro orqali 338 dona aksiz marka, 111 litr spirt, 90 dona «QR-kod» va 90 dona «Qaratau» nomli aroq ishlab chiqarilgani aniqlangan. Ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa tovarlar ham ashyo sifatida olingan.
Chiroqchi tumanida esa bir fuqaro boshqa fuqaroga 400 dona iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotini 10 mln so‘mga sotgan paytda ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chiroqchi tumanidagi xonadonda 21 kg giyohvandlik vositasi topilgan edi.