Peterburgda migrantlar taksida ishlash taqiqini uzaytirish rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
2026-yil oxirigacha uzaytirishni rejalashtirmoqda
Taksi
Foto: Depositphotos

Sankt-Peterburg rahbariyati patent asosida ishlayotgan migrantlarning taksi xizmatlari va kuryerlik sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga qo‘yilgan cheklovni 2026-yil oxirigacha uzaytirishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha gubernator Aleksandr Beglovning qaror loyihasi 13-noyabr kuni korrupsiyaga qarshi ekspertizaga yuborildi, deya xabar bermoqda RBK.

Hujjatga ko‘ra, shahar Bandlik va mehnat qo‘mitasi 2026-yil 1-avgustiga qadar mazkur taqiqni 2027-yil uchun ham uzaytirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflar kiritishi lozim.

Migrantlarning taksida ishlashiga oid cheklov joriy yilning iyul oxirida e’lon qilinib, 2025-yil yakunigacha amal qilishi belgilangan edi. Shahar ma’muriyati bu chorani taksi xizmatlarida xavfsizlik va xizmat sifati darajasini oshirish hamda Rossiya fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadi bilan izohlagan.

Mazkur taqiq to‘liq kuchga kirgandan so‘ng bozor ishtirokchilari Sankt-Peterburgda faol haydovchilar soni 12 foizga qisqarganini bildirgan.

Kuryerlik sohasida migrantlar faoliyatiga cheklov qo‘yilishi haqida esa 11-avgust kuni ma’lum qilingan. Rasmiylarga ko‘ra, bu qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kuryerlik xizmatlari sifatini va xavfsizligini oshirish, shuningdek, mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlar va talabalarning bandligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yildan Moskvada haydovchisiz taksilar ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek