
Xorvatiyada Turkiya O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga qarashli yong‘in samolyoti halokatga uchradi. Turkiya qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumoqli aviahalokatda uchuvchi vafot etganini ma’lum qildi.
«Xorvatiyada, Sen shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga qarashli yong‘in o‘chirish samolyotining parchalari topildi. Ushbu samolyot bilan radioaloqa uzilgan edi. Halok bo‘lgan uchuvchimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman», – deb yozdi vazir o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyaga tegishli ikki dona samolyot 12-noyabr kuni texnik xizmatdan o‘tish uchun Chanoqqaladan Zagrebga uchib ketgan. Yomon ob-havo sabab ular dastlab Rieka aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
13-noyabr kuni ikkala samolyot yana Zagrebga yo‘l olgan, biroq ob-havo yomonlashgach, yana Riekaga qaytish haqida qaror qabul qilingan. Ulardan biri aeroportiga xavfsiz qaytgan, ikkinchisi esa radarlardan yo‘qolgan. Turkiya vazirligi Xorvatiya hukumati bilan hamkorlikda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlaganini bildirdi.
Avvalroq Kurisv Uzbekistan Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchragani haqida xabar bergan edi.