Yangiliklar

Yaponiya O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasida 5,6 million dollarlik beg‘araz yordam ajratadi

Dastur doirasida hududlardagi 17 ta davlat shifoxonasi mammografiya uskunalari bilan jihozlanadi
Yaponiya O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasida 5,6 million dollarlik beg‘araz yordam ajratadi / Foto: Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi

2025-yil 14-noyabr kuni Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xirata Kendji va sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov $5,6 millionlik beg‘araz yordam bo‘yicha Almashinuv notalarini imzoladi.

Dastur doirasida Toshkent va boshqa hududlardagi 17 ta davlat shifoxonasi Yaponiyada ishlab chiqarilgan mammografiya skrining uskunalari bilan jihozlanadi. Bu mamlakat bo‘ylab ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash xizmatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Loyiha Yaponiyaning «Insonlarga sarmoya kiritish» tamoyili asosida O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini oshirishga ko‘maklashishni maqsad qiladi. Yaponiya hukumati sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni davom ettirishini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekistonda onalar o‘limi 25 foizga kamaygani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yil oxiriga qadar 30 foizga yetishi mumkin. Bositxonovaga ko‘ra, bunday natijalarga onalardagi kasalliklarni erta aniqlash tizimlari kuchaygani va homilador ayollar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali erishilgan.