
«Boy ota, kambag‘al ota» kitobi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Robert Kiyosaki hozirgacha katta moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2024-yildan beri banklarga qarzlarini to‘lay olmayapti.
Kiyosakining aytishicha, uning banklardagi qarzi $1,2 milliardni tashkil etadi. U yaqinda The Iced Coffee Hour podkastida o‘zining mashhur iborasini yana takrorladi:
«Agar sen bankka $20 million qarz bo‘lsang – bu sening muammong. Agar bir milliard qarz bo‘lsang va uni to‘lay olmasang – bu bankning muammosi», – deydi u.
Bu fikr aslida neft magnati Jan Pol Getty yoki iqtisodchi Jon Keynsgа tegishli deyishadi, ammo Kiyosaki uni o‘z moliyaviy falsafasining bir qismiga aylantirgan.
Kiyosakining «Boy ota, kambag‘al ota» kitobi bugungacha 51 ta tilga tarjima qilingan va 100 dan ortiq davlatda nashr etilib, unga katta daromad va shuhrat olib kelgan. Biroq ekspertlar hamon kitobga nisbatan ko‘plab tanqidlarni bildiradi. Masalan, moliyaviy maslahatchi Jon Rid uning kitobida juda ko‘p noto‘g‘ri maslahatlar, yomon tavsiyalar borligini, yaxshi maslahat deyarli yo‘qligini, hatto ayrim hikoyalar haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlaydi.
Avvalroq Joze Mourinyo Turkiyani $864 ming qarz bilan tark etgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Portugaliyalik taniqli murabbiy Joze Mourinyo «Fenerbahche»ni boshqargan paytda Istanbuldagi hashamatli Four Seasons mehmonxonasida 15 oy davomida istiqomat qilgan, lekin bu muddat uchun to‘lov amalga oshirilmagan.