
Toshkentda «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi markazi ishga tushirildi, qishda vodiydagi metan «zapravka»larga gaz ko‘chma konteynerlarda yetkazib beriladi — 15-noyabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida.
Hafta davomida dollar qanchaga pasaydi

AQSh valyutasi hafta davomida turlicha o‘zgardi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida dollar kursining hafta davomidagi o‘zgarishi haqida so‘z boradi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishi mumkin

O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida bo‘lgan tor doiradagi muzokaralarda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona tranzit tizimiga qo‘shilishga tayyorlanmoqda

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ning yagona tranzit tizimiga qo‘shilish bo‘yicha ishlarni boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Mazkur tizimga qo‘shilish bojxona jarayonlarini soddalashtirish, tranzit yuklar va o‘zaro savdo tovarlarining yetkazib berilish tezligini oshirishga yordam beradi.
Toshkentda «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi markazi ishga tushirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Marosimda «Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi, shuningdek, «Tenge Bank»ning yangi bosh ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Silkway Central Asia logistika markazi, alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari, Yangi Toshkentdagi «Ostona» mavzesi hamda Toshkent va Astanadagi yangi mehmonxona majmualari qurilishi boshlandi.
Ko‘ksaroyda Qasim-Jomart Toqayevga «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi

Ko‘ksaroyda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev Toqayevning O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik hamkorlik va ittifoqchilikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini alohida ta’kidladi.
«Boy ota, kambag‘al ota» muallifi Robert Kiyosaki banklarga milliard dollar qarz bo‘lib qolmoqda

«Boy ota, kambag‘al ota» kitobi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Robert Kiyosaki hozirgacha katta moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2024-yildan beri banklarga qarzlarini to‘lay olmayapti.
Qishda vodiydagi metan «zapravka»larga gaz ko‘chma konteynerlarda yetkazib beriladi

Energetika vazirligi va «O‘zbekneftgaz» tomonidan tabiiy gazni ko‘chma konteynerlarda tashish bo‘yicha pilot loyiha boshlandi. Unga ko‘ra, Xitoyning uch yirik kompaniyasi bilan kompressor stansiyasi qurish, 150 ta konteyner va maxsus avtomashinalarni olib kelish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi 15 foizga oshdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi 15 foizga oshdi. Bu haqda 15-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekistonga tashrif buyurgan Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev uchrashuvida ma’lum qilindi.
Surxondaryodagi 38,5 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlandi

Surxondaryoda 38,5 milliard so‘mlik davlat xaridida jiddiy qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, SurxondaryoQurilishInvest buyurtmasi asosida e’lon qilingan tenderda bir kompaniya asossiz ravishda jarayondan chetlashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-noyabrdagi eng muhim yangiliklarni e’lon qilgandi.