
O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida bo‘lgan tor doiradagi muzokaralarda ma’lum qilindi.
Yil boshidan buyon ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash $4 milliardga yetdi. Endilikda o‘zaro savdo hajmini oshirish va import o‘rnini bosish orqali bu ko‘rsatkichni $10 milliardga oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, so‘nggi yillarda 6,5 mingta qo‘shma korxona tashkil etildi va $8 milliarddan ortiq qiymatdagi qo‘shma loyihalar portfeli tayyorlandi. Muzokaralarda ushbu loyihalar uchun qo‘shma investitsiya platformasi yaratish taklif qilindi.
Bundan tashqari, energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, atrof-muhit va IT sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi.
Hududlararo aloqalarni kuchaytirish maqsadida ikki davlat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026-yilda Qozog‘istonda o‘tkazishga kelishildi.
Avvalroq Qasim-Jomart Toqayev Toshkentda qanday kutib olingani haqida xabar berilgandi.