O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona tranzit tizimiga qo‘shilishga tayyorlanmoqda

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) yagona tranzit tizimiga qo‘shilish bo‘yicha ishlarni boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu haqda 13-noyabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining bojxona hamkorligi vaziri Ruslan Davidovning O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Mazkur tizimga qo‘shilish bojxona jarayonlarini soddalashtirish, tranzit yuklar va o‘zaro savdo tovarlarining yetkazib berilish tezligini oshirishga yordam beradi.
Uchrashuvda, shuningdek, tovarlar va transportga oid bojxona ma’lumotlari almashinuvi masalasi ko‘rib chiqildi. Bu tashqi savdodagi shaffoflikni oshirish va nazoratni kuchaytirishga xizmat qilishi aytildi.
Ruslan Davidov target-markaz va elektron deklaratsiyalash markazi faoliyati bilan tanishib, nazorat jarayonlari va inspektorlar ishini baholash tizimiga sun’iy intellekt joriy etilganini ta’kidladi.
Shuningdek, u YeOIIda elektron navigatsiya plombalaridan foydalanish istiqbollari haqida gapirib, ularni Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishida qo‘llashni ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Avvalroq O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib chiqish uchun onlayn pavilyon ochilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, yangi pavilyon o‘zbek mahsulotlarini Xitoy bozoriga qulay tarzda chiqarish, milliy brendlarning onlayn savdodagi ishtirokini kengaytirish va tadbirkorlarning xalqaro elektron savdoga kirishini tezlashtirishga xizmat qiladi.