Sirdaryo, Andijon va Samarqandda bir qator mas’ullar pora olayotganida qo‘lga tushdi

Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlarida bir qator mas’ullar pora olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida Soliq boshqarmasi bosh inspektori bir MChJda tekshiruv vaqtida 400 million so‘mlik soliq qarzdorligi mavjudligini aniqlagan. Shunga qaramay, u bo‘lim boshlig‘i bilan kelishgan holda qarzdorlikni 90 million so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qiladi. Buning evaziga $1,5 ming olgan paytida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Keyinchalik hujjatni rasmiylashtirgan bosh inspektor ham ushlandi. Ularning har ikkisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shunga o‘xshash holat Andijon viloyatida ham aniqlangan. Unda Soliq boshqarmasi inspektrori quyosh panellari bilan shug‘ullanuvchi MChJ faoliyatida nomuvofiqliklarni aniqlaganidan so‘ng, bank hisob-raqamiga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash evaziga $500 talab qilgan. U talab qilingan pulni qarindoshlariga tegishli bank kartalariga o‘tkazdirayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Unga jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olingan.
Boshqa holatda esa Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijrochisi fuqaroga sud tomonidan belgilangan 117,8 million so‘m miqdoridagi qarzdorlikni tanishlari orqali bekor qilib berishni va’da qilgan. Shuningdek, davlat boji va avtotransportga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini aytib, evaziga $500 so‘ragan. Pulni tanishi orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davom etmoqda.
Avvalroq Jizzax viloyatidagi tumanlardan birida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora olayotganda qo‘lga olingandi. U sentabr oyida tadbirkorga ko‘p qavatli uy loyihasini tasdiqlab berish evaziga $200 olgan. Keyinchalik tadbirkor shu hududda xususiy maktab qurish uchun ham hujjatlarni tasdiqlatmoqchi bo‘lib, yana murojaat qilganida mansabdor bu safar 6 mln so‘m talab qilgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.