
Volkswagen of America myVW ilovasi orqali aqlli soatlar bilan avtomobillarni boshqarish imkoniyatini joriy qildi. Bu haqda Electric Cars Report ma’lum qildi.
Endi foydalanuvchilar avtomobil eshiklarini qulflash yoki qulfdan ochish, signal va chiroqlarni yoqish hamda avtomobil holatini tekshirish kabi muhim funksiyalarni telefonni ishlatmasdan turib, smart soat orqali boshqarishlari mumkin.
Funksiya 2020-yildan ishlab chiqarilgan deyarli barcha modellarda mavjud bo‘lib, ichki yonuv dvigatelli va elektr avtomobillarda ham ishlaydi. Ichki yonuv dvigatelli avtomobillarda qo‘shimcha ravishda dvigatelni masofadan ishga tushirish va yoqilg‘i darajasini nazorat qilish mumkin. Elektr avtomobillarda esa masofadan quvvatlash va ichki iqlim nazoratini boshqarish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen’ning yangi T-Roc avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edik.