Yangiliklar

Ozarbayjon Markaziy Osiyo Maslahat uchrashuvlariga to‘la huquqli a’zo bo‘ldi

Uchrashuvda bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi
Ozarbayjon Markaziy Osiyo Maslahat uchrashuvlariga to‘la huquqli a’zo bo‘ldi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Sammitda asosiy e’tibor mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi. Xususan, Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilgani e’lon qilindi.

Shuningdek, mintaqada integratsiya jarayonlari samarasi sifatida chegara punktlari ochildi, transport aloqalari tiklandi, suv-energetika sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo va investitsiya aloqalari rivojlandi. O‘tgan yili mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetgan, investitsiyalar esa 17%ga oshgan.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Mirziyoyev Markaziy Osiyo hamjamiyati formatini yaratish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, elektron tijorat va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, ekologiya, iqlim va suv resurslaridan oqilona foydalanish, Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga integratsiya qilish hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Turkmaniston prezidenti 2026-yilda yangi «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon» formatida bo‘lib o‘tadigan Maslahat uchrashuviga raislikni qabul qildi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunida Qo‘shma bayonot imzolandi. Uchrashuvda, shuningdek, bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Ularga Qirg‘izistonning 2027–2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga muvaqqat a’zo bo‘lish nomzodini qo‘llab-quvvatlash murojaati, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuviga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi haqidagi qaror, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda 2026–2028-yillarda xavfsizlikka tahdidlar bo‘yicha choralar rejasini o‘z ichiga oladi.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon va MO prezidentlari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan edi.