Ozarbayjon va MO prezidentlari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Toshkentda o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon prezidentlari O‘zbekiston rahbari bilan birga Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zR prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu markaz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan bo‘lib, islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilishni maqsad qilgan yirik ilmiy-ma’rifiy maskan hisoblanadi.
Majmua milliy me’moriy an’analar va zamonaviy dizayn uyg‘unligida qurilgan: uning to‘rt tomonida 34 metrli peshtoqlar, markazida esa 65 metrli ulkan gumbaz qad rostlagan. Yetakchilar tashrif davomida Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri – Usmon Mus’hafi saqlanayotgan zalni ham ko‘zdan kechirdilar. Ushbu nodir manba mintaqa xalqlarining umumiy ma’naviy ildizlari va tarixiy aloqalarini ramziylik bilan ifodalaydi.
Davlat rahbarlari markazdagi «Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar», «Birinchi Renessans», «Ikkinchi Renessans» va «Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans» bo‘limlari bilan ham tanishdilar. Bu bo‘limlarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalar merosi keng yoritilgan bo‘lib, turli sulolalar davriga oid qadimiy qo‘lyozmalar va ularning o‘zbek tilidagi tarjimalari namoyish etilgan.

Tashrif chog‘ida yetakchilar madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni davom ettirish va umumiy tarixiy merosni asrash borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar. Markazning mintaqaviy ilmiy va madaniy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishiga yuqori baho berildi.

Shu kuni prezidentlar «Kelajak merosi» xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ham ishtirok etdilar. Prezident qarori bilan ta’sis etilgan ushbu mukofot adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida yutuqlarga erishgan ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Turksoy bosh kotibi Sulton Rayev, tojik xalq shoiri Davlat Safarzoda, qozog‘istonlik aktyor Yerkebulan Dayirov, ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov, turkman san’at ustasi Babasari Annamiradov hamda o‘zbekistonlik olima Dilfuza Egamberdiyeva dastlabki g‘oliblar sifatida e’tirof etildi. Ular mukofot statuetkasi, diplom va $10 ming pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va prezident Qasim-Jomart Toqayev Qo‘shma bayonot imzolagani haqida yozgan edik.







