
«Toshkent-Humo» xalqaro aeroportida davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov rasmiy kutib olindi. Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni shohsupaga taklif qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.


Marosim davomida harbiy orkestr ijrosida davlat madhiyalari yangradi, faxriy qorovul esa tantanali ravishda prezidentlar oldidan saf tortib o‘tdi. Yetakchilar rasmiy delegatsiyalar a’zolarini ham samimiy qutladilar.


Tashrifning asosiy tadbirlari 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar davomida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon va MO prezidentlari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.